Undoshlar imlosi
1. «B» tovushi borib, javob, hisob, bob, xitob kabi so‘zlarda «p», qibla, tobla so‘zlarida «v» tarzida aytilsa ham «b» yoziladi.
2. Avtomat, avtobus, avtomobil kabi so‘zlarda «v» tovushi «f » tarzida talaffuz qilinsa-da, doimo «v» yoziladi.
3. Fursat, fizika, fabrika, fahm-farosat, fasl singari so‘zlarda «f » tovushi «p» kabi aytiladi, lekin asliga muvofiq ravishda har doim «f» yoziladi.
4. Obod, ozod, faryod, tadbir, tadqiqot kabi so‘zlarda «d» tovushi «t » tarzida aytilsa-da, har vaqt «d» yoziladi.
5. Iztirob, tuzsiz, bo‘zchi so‘zlarida «z» tovushi «s» kabi aytiladi, biroq hamisha asliga mos ravishda «z» yoziladi.
6. J j harfi jon, jahon, juma, g‘ijjak, vaj so‘zlarida til oldi, jarangli, portlovchi «j», jurnal, ajdar, garaj, tiraj so‘zlarida esa til oldi, jarangli, sirg‘aluvchi «dj» undosh tovushini ifodalash uchun yoziladi.
7. Sh sh harfi shahar, shimol, shoshmoq, osh, bosh kabi so‘zlarda til oldi, jarangsiz, sirg‘aluvchi tovushni ifodalash uchun yoziladi. Sh harfi ikki tovushni ifodalasa, oraga tutuq belgisi qo‘yiladi: Is’hoq, as’hob kabi.
8. Ch ch harfi chumoli, choy, achchiq, soch kabi so‘zlarda til oldi, jarangsiz, qorishiq undosh tovushni ifodalash uchun yoziladi.
9. R r harfi rahmat, rahm, diyor; L l harfi lola, bol, olmoq; N n harfi non, ona, osmon; G g harfi gul, ega, eg; Kk harfi kam, ikki, tok; Y y harfi yetti, yuz, dunyo, toy; Ng ng harfi ko‘ngil, tong, ong; Q q harfi qizil, oq, aql; G‘ g‘ harfi g‘oz, og‘a, tog‘; X x harfi xalq, axborot, baxt; H h harfi hamma, hosil, ehson, isloh kabi so‘zlardagi muayyan tovushlarni ifodalash uchun yoziladi.
10. Farzand, band, poyezd so‘zlaridagi «d» undoshi, go‘sht, past, artist so‘zlaridagi, «t» undoshi tallafuzda tushib qolsa ham yozuvda doimo ifodalanadi.
11. Xuddi shuningdek, metall, kilovatt, kongress kabi so‘zlar oxiridagi qo‘sh undoshlardan biri tallafuzda tushirilib qoldirilsa ham yozuvda hamisha ifodalanadi.
12. Tutuq belgisi a’lo, ta’lim, e’lon, she’r, fe’l kabi so‘zlarda unlidan keyin kelib, uning cho‘ziqroq aytilishini ta’minlaydi.
13. Mo‘jiza, mo‘tadil, mo‘tabar kabi so‘zlarda o‘ unlisi cho‘ziqroq aytiladi, lekin tutuq belgisi qo‘yilmaydi.
14. San’at, in’om, mas’ul kabi so‘zlarda unlidan oldin qo‘yilib, uning undosh tovushdan ajratib aytilishini ta’minlaydi.