Ko‘chirish qoidalari
Ko‘p bo‘g‘inli so‘zning oldingi satrga sig‘may qolgan qismi keyingi satrga bo‘g‘inlab ko‘chiriladi:
to‘q-son, si-fatli, sifat-li, pax-ta-kor, paxta-kor kabi.
Tutuq belgisi oldingi bo‘g‘inda qoldiriladi:
va’-da, ma’-rifat, mash’-al, in’-om kabi.
So‘zning bosh yoki oxirgi bo‘g‘ini bir harfdan iborat bo‘lsa, ular quyidagicha ko‘chiriladi:
1) so‘z boshidagi bir harfdan iborat bo‘g‘in yolg‘iz o‘zi oldingi satrda qoldirilmaydi:
a-badiy emas, aba-diy, e-shikdan emas, eshik-dan kabi;
2) so‘z oxiridagi bir harfdan iborat bo‘g‘in yolg‘iz o‘zi keyingi satrga ko‘chirilmaydi:
mudofa-a emas, mudo-faa, matba-a emas, mat-baa kabi.
O‘zlashma so‘zlarning bo‘g‘inlari chegarasida kelgan ikki yoki undan ortiq undosh quyidagicha ko‘chiriladi:
1) ikki undosh kelsa, ular keyingi satrga birgalikda ko‘chiriladi:
dia-gramma, mono-grafiya kabi;
2) uch undosh kelsa, birinchi undosh oldingi satrda qoldirilib, qolgan ikki undosh keyingi satrga ko‘chiriladi: silin-drik kabi.
Bir tovushni ko‘rsatuvchi harflar birikmasi (sh, ch, ng) birgalikda ko‘chiriladi:
pe-shayvon, pe-shona, mai-shat, pi-choq, bi-chiq-chi, si-ngil, de-ngiz kabi.
Bosh harflardan yoki bo‘g‘inga teng qism va bosh harflardan iborat qisqartmalar, shuningdek, ko‘p xonali raqamlar satrdan satrga bo‘lib ko‘chirilmaydi:
AQSH, BMT, ToshDU, 16, 245, 1994, XIX kabi.
Harfdan iborat shartli belgi o‘zi tegishli raqamdan ajratib ko‘chirilmaydi: 5- “A” sinf, “B” guruhi, 110 gr, 15 ga, 105 m, 25 sm, 90 mm kabi.
Atoqli ot tarkibiga kiradigan raqam nomdan ajratilgan holda keyingi satrga ko‘chirilmaydi:
“Navro‘z – 2015” (festival), “O‘qituvchi – 91” (ko‘rik tanlov), “Andijon – 9”, “Termiz – 16” (g‘o‘za navlari), “Boing – 767” (samolyot), “Foton -774” (televizor) kabi.
A.Jabborov, A.D.Abduvaliyev kabilarda ismning va ota ismining birinchi harfiga teng qisqartmalar familiyadan ajratib ko‘chirilmaydi. Shuningdek, v.b. (va boshqalar), sh.k. (shu kabilar) singari harfiy qisqartmalar ham oldingi so‘zdan ajratib ko‘chirilmaydi.