Yozma savodxonlik bo‘yicha aksiyada ishtirok eting

20.04.2018

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Yagona integrator UZINFOCOM” MChJ, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda mamlakatimizdagi bir qator universitet, institut, tashkilotlar hamkorligida o‘zbek tilining ijtimoiy mavqeini yanada mustahkamlash, ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho boylik - o‘zbek tilining vorislari sifatida ona tilini asrab - avaylash, uning nufuzini yanada oshirish maqsadida 2018 yilning 11 may kuni Diktant.uz-yozma savodxonlik bo‘yicha aksiya o‘tkaziladi.

Diktant.uz aksiyasi – aholi o‘rtasida o‘zbek tiliga nisbatan hurmat hissini kuchaytirish, savodxonlikni barcha uchun umumiy normaga aylantirishga erishish, shuningdek, yoshlarning til madaniyati masalalarida ijtimoiy faolligini oshirish, yozma savodxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va qiziqishni yanada oshirish hamda o‘zbek tili ta’limini takomillashtirishga qaratilgan ijtimoiy aksiya hisoblanadi.

Mazkur Aksiyada ishtirok etish yoshi chegaralanmagan bo‘lib, unda o‘zbek tilida yozishni biladigan barcha xohlovchilar diktant yozish yo‘li orqali imlo savodxonligi bo‘yicha o‘z bilimlarini tekshirib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Aksiya 2018-yilning 11 may kuni soat 15-00 da bir paytning o‘zida quyidagi manzillar bo‘yicha o‘tkaziladi:

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti;

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti;

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti;

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti;

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti;

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;

Samarqand davlat universiteti;

Andijon davlat universiteti;

Qarshi davlat universiteti;

Termiz davlat universiteti.

 

Aksiyada ishtirok etish istagida bo‘lgan xohlovchilar mazkur saytda oldindan ro‘yxatdan o‘tishlari maqsadga muvofiq.

Til madaniyati va savodxonlikni o‘z ko‘rkingizga aylantiring! Aksiyada ishtirok eting! Shu kichik xizmatingiz tilimiz rivojida katta hissa bo‘lib qo‘shilishiga, ona tili millatni birlashtiruvchi eng katta kuch ekanligiga ishoning!

 

Murojaat uchun telefonlar: +998973438368; 281-4801